Andijon hokimini haqoratlagan erkak 2 yilga qamaldi
U, shuningdek, O‘zbekiston Prezidentini TikTok orqali haqorat qilgan.

Andijonda Tiktok ijtimoiy tarmog‘i orqali O‘zbekiston Prezidenti va viloyat hokimni haqoratlagan 41 yoshli erkak 2 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.
Viloyat sudi raisi Tal’atjon Meliboyev ma’lum qilishicha, voqea yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar to‘liq emas.
“Ishning yarmi haqida xabar berib, yarmi haqida xabar bermaslik odamlarni boshqa tomonga boshlab ketadi. [Ijtimoiy tarmoqlarda] faqat 140-modda bilan, viloyat hokimini haqorat qilgani uchun qamab qo‘yildi deyilyapti, qolgani yo‘q. O‘rtoqlar, insof bo‘lishi kerak-da endi. Ishning 158-moddasi ham bor”, – degan sud raisi 30-iyul kungi matbuot anjumanida.
Shuningdek, sudya muzkur hukm 7-iyul kuni chiqqani, lekin hali qonuniy kuchga kirmaganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismi O‘zbekiston Prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilishni nazarda tutadi. Buning uchun 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.








