Jizzaxda kuchli yog‘ingarchilik sabab ariq suvlari o‘zanidan toshib ketdi
Hozirda vaziyat FVB xodimlari tomonidan nazoratga olingan.

Bugun, 30-iyul kuni Jizzax viloyatining Forish tumanida suv toshqinlari kuzatildi. Holat yuzasidan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, soat 16:15 larda Forish tumani Uchma qishlog‘ida kuzatilgan qisqa muddatli yog‘ingarchilik oqibatida ariq suvlari keskin ko‘payib, ayrim joylarida o‘zanidan toshib chiqqan.
Hodisa yarim soatga yaqin davom etib, aholi yashash joylari va ekin maydonlariga jiddiy talafot yetmagan. Jabrlanganlar yo‘q. Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga sel va toshqinlar bo‘yicha fuqarolardan murojaatlar kelib tushmagan.
Ayni vaqtda hodisa joyida FVB xodimlari tomonidan qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Vaziyat nazorat ostida.








