Bo‘stonliqda 680 ming dollarlik jinoyat fosh bo‘ldi
U noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq.

DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda shahar IIBB bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida yashovchi 1959 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan va boshqa bir fuqaroga issiqxona tashkil etish uchun ajratilgan 2 gektar sug‘oriladigan yer maydonini hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib, u yerda ishlab chiqarish sexi qurish uchun ruxsat olib berish evaziga 500 ming AQSH dollari talab qiladi. U so‘ralgan pulning 50 ming dollarini oldindan olgan vaqtida ushlangan.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 1990 yilda tug‘ilgan shaxs boshqa bir fuqaroga tegishli fermer xo‘jaligiga bog‘dorchilik uchun 49 yil muddatga ajratilgan 35 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali auksion savdolariga chiqarmasdan xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 350 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 40 ming dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Toshkent shahrida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan shaxs ham o‘zganing ishonchiga kirib, Bo‘stonliq tumanidagi mahalliy MCHJga tegishli 3 gektar yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 680 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Bu yo‘nalishda DXXning Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan.
Xususan, Sharof Rashidov tumanidagi paxta va g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari mazkur xo‘jalikning 5 gektar suvli yer maydonini 200 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan va tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limida ishlovchi tanishlari orqali yerning tegishli hujjatlarini xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni reja qilgan. U so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Andijon shahrida va Oltinko‘l tumanida yashovchi muqaddam sudlangan 3 nafar shaxs ham o‘zaro til biriktirib, mansabdor tanishlari orqali Oltinko‘l tumanidagi kichik sanoat zonasi hududidan 4,5 gektar yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 36 ming AQSH dollari talab qilgan. Ulardan biri so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming 700 AQSH dollar olgan vaqtida DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda departament xdimlari tomonidan ushlangan. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning 2 nafar sherigi ham qo‘lga olingan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








