“Ish bitgach, siz meni tanimaysiz, men esa sizni”
Samarqandda kadastrning ikki xodimi pora bilan ushlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudida navbatdagi ish ko‘rib chiqilib, Davlat kadastrlar palatasi tuman filialining ikki nafar xodimiga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, filialning “Kadastr yig‘ma jildlarini tayyorlash bo‘limi” kadastr muhandisi lavozimida ishlab kelayotgan 31 yoshli xodim joriy yilning aprel oyida 30 yoshli hamkasbi bilan jinoiy til biriktiradi. Ular fuqarodan chorvachilikda foydalanish uchun mo‘ljallangan yerda bino mavjud deb hujjat rasmiylashtirib berish evaziga 20 mln pora talab qilgan.
Nurobod tumanida yashovchi onaxon tuman kadastr filialiga kelib, 1 gektar yerning hujjatlarini rasmiylashtirish uchun murojaat qilgan. Xodimlar ayol yerni sotmoqchi bo‘lganini bilgach, xaridorning o‘zi bog‘lanishi uchun qo‘l telefonini berib yuboradi. Ular yerga xaridor bo‘lgan yigitga “Yerni 6 sotihiga hech qanday bino inshootlar bo‘lmasa-da, men sizga bino bor, deb kadastr hujjatlarni rasmiylashtirib beraman, faqat gap oramizda qolsin, xarajati 20 mln so‘m bo‘ladi, ish bitgach, siz meni tanimaysiz, men esa sizni” deydi.
Rahbari orqali bo‘sh maydonda bino borligi haqida hujjat rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan ikki xodim tezkor tadbirda pora bilan qo‘lgan olingan.
Sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi JKning 25,168-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, har ikkisi Davlat kadastrlar palatasi tizimida mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan. Shuningdek, ularning oylik ish haqidan 15 foizini davlat hisobiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Muallif: Farida Eshonqulova








