Ukrainaliklarga tekin osh tarqatib kelgan o‘zbekistonlik fuqaro raketa zarbasiga uchradi
U Andijon viloyatining Asaka tumanidan bo‘lgan.

Ukrainaning Chuguyev shahrida mahalliy aholiga tekin palov tarqatib kelgan 36 yoshli o‘zbekistonlik Sardor Hakimov raketa zarbasi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda “Current time” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sardor Hakimov otishma paytida yerto‘lada palov tayyorlashga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lgan.
Mahalliy OAVga ko‘ra, asli andijonlik bo‘lgan Hakimov 2000-yildan buyon Ukrainada istiqomat qiladi. Urushdan keyin, 2014-yilda u Chuguyevga ko‘chib o‘tgan va u yerda o‘zbek oshxonasi hamda ziravorlar do‘konini ochgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin Hakimov oilasini O‘zbekistonga yuborib, o‘zi Chuguyevda qolgan va odamlarga yordam berib kelgan.
25-iyul kuni rus qo‘shini u yashayotgan Chuguyev shahriga 12 ta raketa zarbasi berdi. Raketalardan biri Sardor va uning guruhidagi ko‘ngillilar yashiringan Madaniyat markazini vayron qilgan. Hujum oqibatida Sardor va yana ikki ko‘ngilli halok bo‘lgan.








