Medvedev shov-shuvli postga izoh berdi
Bir necha kun oldin uning VKontakte” sahifasi xakerlar hujumiga uchragani maʼlum qilingandi.

Bundan bir necha kun oldin Dmitriy Medvedevning “VKontakte” sahifasida katta muhokamalarga sabab bo‘lgan post eʼlon qilingandi. Unda Rossiyaning qator davlatlarga hududiy daʼvolari haqida so‘z boradi.
Oradan bir necha daqiqa o‘tib ushbu xabar o‘chirib tashlanadi. Shundan keyin Kreml sobiq prezident sahifasi xakerlik hujumiga uchragani haqida maʼlum qildi.
Bugun RF xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari ushbu axborot xurujidan ko‘zlangan maqsadni ochiqladi.
“Bizni SHHT, KXSHT va YеOIIdagi ittifoqchilar bilan to‘qnashtirishdan manfaatdor davlatlar va siyosatchilar yetarlicha topiladi. Biz ularga bunday imkoniyat bermaymiz”, – degan Medvedev.
Siyosatchi bu kabi provokatsion postlar orqali qo‘shni davlatlarni Rossiya bilan qarama-qarshilikka borishi ko‘zlanganini taʼkidladi.
Avvalroq Medvedev AQSHning sayyora ustidan hukmronligi tugaganligini aytgandi.







