Qashqadaryoda 2 nafar bola o‘ta xavfli kasallikdan vafot etdi
Унинг юқумли инфекцион вирус экани айтилмоқда.

Avvalroq Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida 2 nafar bola noma’lum kasallikdan vafot etgani xabar qilingandi. SSVning dastlabki xulosalariga ko‘ra, ular o‘ta xavfli infeksion kasallik – gemorragik isitmadan vafot etgani taxmin qilingandi.
Kecha, 6 avgust kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi matbuot xizmati bolalar o‘limiga nima sabab bo‘lganini ochiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘shanda g‘uzorlik bolalar Qrim-Kongo virusi sabab vafot etgan.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi virus qo‘zg‘atadigan, kanalar orqali transmissiv yo‘l bilan yuqadigan, tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi. Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari ushbu kasallik virusining saqlovchisi va tashuvchilari hisoblanadi.
Yana bir xavfli tomoni – bu QKGI bilan og‘rigan bemorning qoni orqali ham gemokontakt yo‘l bilan sog‘lom odamga yuqadi. Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 2 – 3 kun davom etadi. Ba’zida bu davr bir necha soatlargacha qisqaradi yoki 14 kungacha cho‘ziladi.
Kasallik tabiiy sharoitda o‘zida gemorragik isitma virusini saqlaydigan kanalarning chaqishi va qo‘llarni kana qoni bilan ifloslanishi natijasida odamlarga yuqadi.
U o‘tkir boshlanib, tana haroratining ko‘tarilishi, yuz, bo‘yin, ko‘krak qismi terilarining qizarishi, badanning sovuq qotib, qaltirashi, mushaklarning og‘rishi, toshma toshishi, milk, burun, oshqozon-ichaklardan qon ketishi, in’yeksiya joylarida qon quyilishlar kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zida kasallik og‘ir kechib, o‘lim holatlari ham qayd etiladi.
Yana bir jihat mazkur kasallik gemorragik belgilarsiz shaklda ham kechishi mumkin. Kasallikning bu shaklida badanda toshmalar toshmaydi, qon talashlar kuzatilmaydi, organlarlardan qon ketmaydi, kasallik asosan isitma va intoksikasiya alomatlari bilan kechadi. Bunday bemorlardan laboratoriya tekshiruvi uchun qon olish hamda teri butunligi buzilishi bilan kechadigan muolajalarni amalga oshirish jarayonlarida epidemiyaga qarshi talablarga rioya qilmaslik natijasida tibbiyot xodimlariga kasallik yuqishi mumkin.








