Farg‘onaning ayrim hududlari kengaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi yig‘ilishda bunga oid qaror loyihasi ko‘rib chiqildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi yig‘ilishda «Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik, O‘zbekiston, Dang‘ara, Qo‘shtepa, Toshloq, Farg‘ona tumanlari va Qo‘qon, Marg‘ilon, Farg‘ona shaharlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qaror loyihasi bilan Uchko‘prik, O‘zbekiston, Dang‘ara, Qo‘shtepa, Toshloq, Farg‘ona tumanlari hisobidan Qo‘qon, Marg‘ilon va Farg‘ona shahri tarkibiga o‘tkazilayotgan yerlar ularning amaldagi yer fondi toifalari o‘zgartirilmagan holda o‘tkazilishi ko‘zda tutilayotgan bo‘lib, Qo‘qon, Marg‘ilon, Farg‘ona shaharlariga ajratilayotgan yer maydonlarida bir qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Xususan, Farg‘ona shahri tarkibiga Farg‘ona tumanidan o‘tayotgan yer maydoniga «Yangi O‘zbekiston» bog‘i, 80 ta ko‘p qavatli uy, maktab, bog‘cha va oilaviy poliklinika qurilishi maqsad qilingan.
Shuningdek, Qo‘qon shahri tarkibiga Uchko‘prik, O‘zbekiston, Dang‘ara tumanlaridan o‘tayotgan yer maydonlarida 150 ta ko‘p qavatli uylar, biznes markazlari, umumiy o‘rta taʼlim va maktabgacha taʼlim muassasalari barpo etilishi hamda Marg‘ilon shahri tarkibiga Qo‘shtepa, Toshloq, Farg‘ona tumanlari hisobidan o‘tayotgan yer maydonlarida kichik sanoat zonalarini, 108 ta ko‘p qavatli turar joy binolar qurilishi aytilmoqda.







