Sirdaryoda ilk bor buyrak ko‘chirish amaliyoti o‘tkazildi
Operatsiya jarayoni 5 soat davom etgan.

Akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari va mahalliy shifokorlar hamkorligida Sirdaryo viloyatida ilk bor noyob jarrohlik amaliyoti — buyrak transplantatsiyasi amalga oshirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, operasiya 23 yoshli bemorda o‘tkazilgan. Davron Abdurahmonov bundan to‘rt yil avval unga og‘ir xastalik — surunkali buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Bir yil o‘tmay esa gemodializ muolajalarini ola boshlagan. Biroq kasallik terminal bosqichga o‘tgani sababli uni hayotga qaytarishning yagona usuli sifatida buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti tavsiya etilgan.
“Guliston tibbiyot klasteri”da amalga oshirilgan mazkur operasiya qariyb 5 soat davom etdi. Unda bemorga 53 yoshli onasi Hafiza Berdiyorovaning bir buyragi ko‘chirib o‘tkazildi. Hozir o‘g‘il va onaning ahvoli yaxshi va shifokorlar tomonidan tibbiy nazoratga olingan.
“Yosh bo‘lsam-da, bu kasallikdan ko‘p azob chekdim. Qolaversa, har 3-4 kunda gemodializ muolajasi orqali qonimni tozalatishga majbur edim. Yaxshiyam onajonim bor ekan. Ularning mehri tufayli yana hayotga qaytyapman. Buning uchun ulardan minnatdorman”, — deydi bemor D. Abdurahmonov.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, bugungi kunda zamonaviy transplantologiya og‘ir buyrak xastaliklariga chalingan ko‘plab bemorlar hayotini saqlab qolish imkonini bermoqda.








