Dehli majburiy niqob rejimiga qaytdi
Mamlakatda koronavirusdan o‘lim holati ko‘paygan.

Hindistonda koronavirus holatlari ko'payib borayotgan bir paytda Dehli majburiy niqob taqishni qaytadan joriy qildi. Bu haqda “Associated Press” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu chorani buzganlar uchun 6 dollar jarima belgilangan.
O‘tgan kun davomida Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 16,2 ming kasallik holatini aniqladi, shundan 2,5 mingga yaqini Dehli hissasiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, poytaxtda bir kunda koronavirusdan to‘qqizta o‘lim qayd etilgan, bu so‘nggi olti oydagi kunlik rekorddir.
Eslatib o’tamiz, mamlakatda infeksiyaga qarshi emlash 2021-yil yanvar oyida boshlangan, hozirgacha 12 yoshdan oshgan aholining taxminan 86 foizi to‘liq emlangan.








