Qashqadaryolik ayol onasini pichoqlab o‘ldirmoqchi bo‘ldi
Hodisaga ular o‘rtasidagi tortishuv sabab bo‘lgan.

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida 4-avgust kuni 38 yoshli ayol o‘z onasini o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Bu haqda “Nasafnews” nashri xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, tumanning Bog‘ariq mahallasida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan A. X. 1954 yilda tug‘ilgan onasi I.B. bilan tortishib, onasining bo‘yin qismiga pichoq bilan jarohat yetkazgan. Shundan so‘ng ona Kasbi tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Hozirda uning ahvoli qoniqarli ekani aytilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘z onasiga hujum qilgan 38 yoshli ayol asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasida hisobda turgan. Voqea sodir bo‘lishidan avvalroq shifoxonada davolanib chiqqan. Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda ayol yana majburiy tartibda asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yuborilgan.








