AQSH Kongressi Baydenning 430 milliardlik tashabbusini qo‘llab-quvvatladi
Bu mablag‘lar sog‘liqni saqlash, iqlim va soliq tizimlariga yo‘naltiriladi.

AQSH kongressi vakillar palatasi Jozef Baydenning inflyatsiya taʼsirini kamaytirishga qaratilgan tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Qonun loyihasini 220 kongressmen maʼqullagan, 207 nafari qarshi chiqqan. O‘tgan haftada uni Senat ham tasdiqlagandi. Oq uy ushbu hujjatni “Inflyatsiyani pasaytirish to‘g‘risidagi qonun” deb atagan. U 430 milliard dollar ajratishni ko‘zda tutadi.
Mablag‘lar sog‘liqni saqlash, iqlim va soliq tizimi uchun sarflanadi. Xususan, toza energetika va iqlim maqsadlariga erishish uchun 370 million dollar, dori-darmon va tibbiyot sug‘urtalarini arzonlashtirish maqsadida 64 milliard dollar ajratiladi.
Bu xarajatlarni soliq islohoti orqali qoplash maqsad qilingan. Bu orqali byudjet defitsitini 300 milliard dollarga qisqartirish mumkin.
Avvalroq AQSH harbiy byudjeti rekord darajada oshirilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.







