Jizzaxda kuyovning doʻstlari uning qarindoshini doʻpposladi
Holat yuzasidan 8 kishiga jinoyat ishi ochilgan.

Ijtimoiy tarmoqda Jizzax shahrining “Hamzaobod” MFY hududidagi avtobekatda 11-avgust kuni 20 dan ortiq bezori tomonidan 4 nafar shaxsga tan jarohati yetkazilgani va jabrlanuvchilar shifoxonada birinchi tibbiy yordam olgani toʻgʻrisida maʼlumot tarqaldi. Shuningdek, tan jarohati olgan shaxslar ichki ishlar organlariga murojaat qilganlarida ularning arizalari qabul qilinmagani, shaharda bezorilar guruhi paydo boʻlgani aytilgan. Holatga viloyat IIB axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum boʻlishicha, Jizzax shahrining Zargarlik mahallasida toʻy payti kuyovning qarindoshlari va doʻstlari oʻrtasida dahanaki tortishuv yuz bergan. Toʻydan soʻng kuyovning bir necha doʻstlari Uchariq mahallasi hududida sal ilgari ular bilan gap talashgan kuyovning qarindoshi S. K.ga tan jarohati yetkazgan.
Janjal oqibatida jabrlanuvchi kasalxonada birinchi tibbiy yordam olgan. Shifokorlar belgilangan tartib asosida holatni roʻyxatga kiritib, voqea haqida ichki ishlar organlariga xabar bergan. IIO tergov tezkor guruhi shifoxonaga yetib borib, jabrlanuvchi bilan muloqot oʻtkazgan va gumonlanuvchilarni IIBga keltirish choralari koʻrilgan.
“Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jabrlanuvchining arizasi qabul qilinmaganiga oid iddaolar yolgʻon”, — deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan Jizzax shahri Ravalliq mahallasida yashovchi S. U., Oqqoʻrgʻonlik mahallasida yashovchi J. M., Uchariq mahallasida yashovchi B. M., F. E., U. K. T. O hamda muqaddam sudlangan T. K., Jizzax shahrining Madaniyat mahallasida yashovchi A. S.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 277- moddasi 2- qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.








