Makron Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga aʼzo boʻlishini maʼqulladi
Prezident fikricha, bu Yevropada xavfsizlikni sezilarli darajada mustahkamlaydi.

12-avgust, juma kuni Parij shahrida Fransiya Prezidenti Emmanuyel Makron Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qoʻshilishini ratifikatsiya qiluvchi protokollarni imzoladi. Bu haqda “Le Figaro” gazetasi xabar tarqatdi.
“Finlyandiya va Shvetsiyaning bu tanlovi oʻz mintaqalarida va Yevropada xavfsizlikni mustahkamlaydi”, — deyiladi tegishli hujjat bayonotida.
Gʻarb OAVlarining yozishicha, Shimoliy Atlantika alyansining 24 davlati allaqachon ushbu Skandinaviya davlatlarining tashkilotga aʼzoligini maʼqullagan. Ularning qoʻshilishlarini toʻliq ratifikatsiya qilish uchun NATOning barcha ittifoqchisi milliy darajada tegishli hujjatlarni tasdiqlashi kerak.








