Jizzaxda “Tez yordam” mashinasida uyga suv tashildi
Shundan soʻng haydovchi vazifasidan ozod qilingan.

Ijtimoiy tarmoqda bir guruh odamlar yonilgʻisi tugab qolgan Damas rusumli avtotransport vositasini harakatga keltirishga urinayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Tasvir ortidagi ovoz egasi tomonidan bu mashina Zomin tumani “Tez yordam” xizmatiga tegishli ekanligi aytilgan. Holat yuzasidan SSV Matbuot xizmati Jizzax viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor oʻrganishlarga asoslanib, rasmiy maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda tumanda 16 ta tez tibbiy yordam mashinasi boʻlib, barchasining old qismiga “Ambulans” yozuvi tushirilgan.
Surishtiruv va oʻrganishlar davomida videotasvirdagi Damas avtomashinasining Zomin tumani tez tibbiy yordam xizmatiga aloqasi yoʻqligi aniqlangan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yana bir videolavhada Damas rusumli tez tibbiy yordam avtomashinasiga ichimlik suvi toʻldirilgan idishlar ortilayotgani aks etgan.
Aniqlanishicha, ushbu tasvirdagi davlat raqami 25 106 LAA boʻlgan Damas avtomashinasi Jizzax viloyati Arnasoy tumanida joylashgan 2-son oilaviy poliklinikaga biriktirilgan tez tibbiy yordam xizmatiga qarashli avtotransport vositasi boʻlib, voqea joriy yil 1-avgust kuni, haydovchi J. SH. navbatchiligida sodir boʻlgan.
Haydovchi J. SH. shu kuni oilaviy poliklinikadan uncha uzoq boʻlmagan yashash xonadoniga oʻziga biriktirilgan “Tez yordam” avtomashinasida suv olib borgan.
Haydovchi ichimlik suvini poliklinika oldidagi vodoprovod kranidan olayotgan vaqtda binoga oʻrnatilgan videokamera tasviriga tushgan.
Ushbu holat yuzasidan olib borilgan oʻrganishlar yakunida oʻz xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan J. SH. lavozimidan ozod etilgan.








