Magistraturada oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontraktini toʻlab berish tartibi belgilandi
Bu boʻyicha talabgorlar 15-sentabrgacha murojaat qilishi kerak.

Vazirlar Mahkamasining “Davlat oliy taʼlim muassasalari magistratura bosqichida taʼlim olayotgan xotin-qizlarni toʻlov-kontrakt mablagʻlarini toʻlab berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning toʻlov-kontraktining toʻliq summasi davlat byudjeti hisobidan qoplanishi nazarda tutilmoqda.
Bunda davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichiga oʻqishga qabul qilingan va oʻqiyotgan xotin-qizlarga bazaviy toʻlov-kontrakt (stipendiyasiz) summalari miqdorida toʻliq toʻlab beriladi.
Talabgorlar 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab oʻquv yili uchun toʻlov-kontraktning toʻliq summasini Davlat byudjetidan qoplab berish yuzasidan oʻzlari taʼlim oladigan oliy taʼlim muassasasining rektori (filial direktori) nomiga oʻquv yilining 15-sentyabriga qadar ariza bilan murojaat etishlari kerak.
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab talabgorlarga oʻquv yili uchun toʻlov-kontraktning toʻliq summasini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish toʻgʻrisida joriy oʻquv yilining 15-oktyabriga qadar tegishli oliy taʼlim muassasasi rektori (direktor)ning buyrugʻi qabul qilinadi.
Davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichi uchun toʻlov – kontrakt summalari qoplab berish toʻgʻrisidagi arizalar 15 sentyabrdan keyin koʻrib chiqilmaydi va toʻlov – kontrakt summalari qoplab berilmaydi.
Ushbu tartib nodavlat oliy taʼlim muassasalari va xorijiy oliy talim muassasalarining Oʻzbekistondagi filiallarida magistratura bosqichida tahsil olayotgan talaba xotin-qizlarga nisbatan tadbiq etilmaydi.








