Toshkent hayvonot bog‘ida 9 yoshli jirafa vafot etdi
U 2016-yili Olmaotadan olib kelingan edi.

Bugun, 20-avgust kuni Toshkent hayvonot bog‘ida Alatau laqabli jirafa vafot etdi.
Bog‘ ma’muriyatining ma’lum qilishicha, so‘nggi hafta davomida Alatauning ishtahasi pasayib borayotgani kuzatilgan va u tez sur’atda vazn yo‘qotishni boshlagan. Veterinariya mutaxassislari jirafaning ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilash uchun simptomatik davolashni boshlab yuborishgan. Ichak parazitlari mavjudligini tekshirish bo‘yicha o‘tkazilgan koprologik ko‘rik salbiy natija bergan.
Ayni damda Davlat Veterinariya bo‘limi vakillari ishtirokida jonivorni yorib ko‘rish jarayoni o‘tkazilmoqda. Barcha zarur patologoanatomik materiallar Hayvonlar kasalliklariga qarshi kurashish bo‘yicha davlat veterinariya markazi laboratoriyasiga yuboriladi.
“Barcha laboratoriya tahlillari natijalari olingandan keyin yakuniy tashxis qo‘yiladi va jonivor nega vafot etgani sababi aniqlanadi”, – deb izoh berdi Yunusobod tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘I Shavkat Gabdulxakov.
Eslatib o‘tamiz, Alatau 2016-yilda 3 yoshligida Olmaota hayvonot bog‘idan olib kelingan edi.








