Chirchiq daryosiga ifloslangan oqova suvlari tashlanayotgani aniqlandi
Holatga Ekologiya qo‘mitasi munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyatidagi Chirchiq daryosiga rangli oqovalar tashlanayotgani haqida murojaat eʼlon qilindi. Holat yuzasidan davlat ekologiya qo‘mitasi Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, daryoning Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani “Chingeldi” MFY hududidan o‘tuvchi qismiga rangli eritmalar bilan ifloslangan oqovalar tashlanayotganligi aniqlangan.
Ushbu oqovalarning hosil bo‘lish manbayi Toshkent viloyati “Baytqo‘rg‘on” MFY hududida joylashgan “Chirchiq oqova tozalash inshooti” ekanligi maʼlum bo‘lgan. Holat bo‘yicha laboratoriya tahlillarini o‘tkazish maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasining Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan analitik nazorat markazining mutaxassislari jalb etilgan. Suv tahlillari uchun Chirchiq oqova tozalash inshootining Chirchiq daryosiga chiqaruvchi oqova suvlari tashlama nuqtasidan, oqovalarni daryoga qo‘shilish va 500 m quyi nuqtalaridan suv namunalari olinib, tahlillar o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, ishchi guruh tomonidan Chirchiq oqova tozalash inshootining holati, texnologik jarayonlari o‘rganilganda tozalash samaradorligi 40-50 foizdan ham pasayib ketganligi tasdiqlangan.
Bundan tashqari, Ishchi guruh tomonidan Chirchiq oqova tozalash inshootiga meʼyordan ortiqcha ifloslangan turli rangli eritmalar tutgan oqova tashlaydigan 10 ta yirik korxonalar, shu jumladan, 6 ta tarkibida bo‘yoq sexlari bo‘lgan to‘qimachilik korxonalar ro‘yxati shakllantirilgan.








