Turkiyada yo‘lovchi avtobus halokatga uchradi
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 19 kishi qurbon bo‘lgan.

Kecha, 20-avgust kuni Turkiyaning janubi-sharqidagi Mardin viloyatida to‘rtta avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Yo‘lovchi avtobus ko‘chada to‘xtab turgan tez yordam va o‘t o‘chirish mashinasiga, shuningdek, «Ilhas» axborot agentligining jonli efirni translatsiya qiluvchi mashinasiga borib urilgan.
Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida 19 kishi halok bo‘lgan va 26 kishi jarohatlangan. Ularning 6 nafari og‘ir ahvolda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq avtohalokatda 16 kishi vafot etgani xabar qilingandi. Qurbonlar orasida 3 nafar o‘t o‘chiruvchi, 4 nafar sog‘liqni saqlash xodimi va ikki jurnalist ham bor.
Javohirbek TURSUNOV








