24 nafar afg‘onistonlik O‘zbekiston chegarasini buzib o‘tdi
DXX hodisa sababini ma’lum qildi.

24 nafar Afg‘oniston fuqarosi Davlat chegarasini buzib noqonuniy O‘zbekistonga o‘tdi. Bu haqda DXX Chegara qo‘shinlari ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 21 avgust kuni Surxondaryo viloyatining “Orol Payg‘ambar” oroli hududida bir guruh Afg‘oniston fuqarolari Davlat chegarasini buzib, o‘z qayiqlarida yuqorida qayd etilgan orol tomon harakatlangan.
Hududga yetib kelgan O‘zbekiston chegara qo‘shinlari vakillariga qoidabuzarlar qarshilik ko‘rsatgan.
Olib borilgan tezkor tadbir natijasida O‘zbekiston Davlat chegarasini buzganlarning barchasi (jami 24 nafar) shaxsini aniqlash va tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish maqsadida qo‘lga olingan.
O‘tkazilgan surishtiruv natijalariga ko‘ra, chegaradagi hodisaga O‘zbekistonning chegara hududida ko‘p miqdorda o‘sadigan qizilmiya ildizining noqonuniy ravishda olinishi sabab bo‘lgani aniqlangan.
Ayni paytda “Orol Payg‘ambar” oroli hududi O‘zbekiston Chegara qo‘shinlari bo‘linmalarining to‘liq nazorati ostida.








