Fransiya bosh vazirining reytingi Makronnikidan oshib ketdi
Elizabet Born mashhurlik reytingida Emmanuel Makronni ortda qoldirdi.

Fransiya bosh vaziri Elizabet Bornning mashhurlik reytingi prezident Emmanuel Makrondan to‘rt foizga oshib ketdi. So'rov natijalariga ko‘ra, avgust oyida Makronni ma’qullash reytingi 37 foizga yetgan, so‘rovnomada ishtirok etganlarning 63 foizi esa uning faoliyatidan noroziligini bildirgan. Shu bilan birga, 75 foiz fransuzlarning Makronning xavfsizlik sohasidagi faoliyatidan norozi ekani qayd etilgan.
Xabar qilinishicha, prezident saylovchilar, xususan, yirik tadbirkorlar, 65 yoshdan oshgan fuqarolar va o‘zi asos solgan “Oldin, Respublika!” partiyasi tarafdorlari orasida ham obro‘sini yo‘qotmoqda.
Ayni paytda, bosh vazir Bornning mashhurlik reytingi, aksincha, o'sib bormoqda. Respondentlarning 41 foizi uning faoliyatini ma'qullaydi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Born yoshlar, yosh tadbirkorlar va savdogarlar orasida mashhur bo‘lib bormoqda.







