FT: Afrikada oziq-ovqat inqirozi xavfi bor
Rossiyadan o‘g‘itlar eksporti cheklanishi bunga sabab bo‘lishi mumkin.

Rossiyadan mineral o‘g‘itlarning yetkazib berilishining kamayishi Afrika davlatlarida yirik oziq-ovqat inqiroziga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda Financial Times maʼlum qildi.
Nashrning qayd etishicha, G‘arb sanksiyalari RFning o‘g‘it eksport qilishining cheklanishiga olib keldi. Moskvaning bu mahsulotlarning global bozordagi ulushi 15 foizni tashkil etadi.
Rossiya banklarining SWIFT xalqaro to‘lov tizimidan uzib qo‘yilishi Afrika davlatlarining mineral o‘g‘itlarni sotib olishini qiyinlashtirgan. Financial Times‘ning Gro Intelligence tahliliy markaziga tayanib maʼlumot berishicha, qitʼaga bu turdagi mahsulotlarning yetkazib berilishining oz miqdorda pasayishi ham hosildorlikning keskin kamayishiga olib keladi. Bu qurg‘oqchilik bilan qo‘shilib oziq-ovqat yetishmovchiligi inqirozini yana-da kuchaytiradi. Niderlandiyaning IDH markazi Sahroyi Kabirdan janubdagi davlatlarda bu holat hozirning o‘zida kuzatilayotganini taʼkidlagan.
McKinsey konsalting kompaniyasi bu inqirozning oqibatlari 2007-2008 yilgi moliyaviy inqirozdan ham og‘ir bo‘lishini taxmin qilgan. bundan tashqari, xalq g‘alayonlari kuchayishi ehtimoli ham yuqori ekani qayd etilgan.
Avvalroq BMT dunyo mamlakatlarini ommaviy ochlik xavfidan ogohlantirgandi.







