Endilikda ayrim asar nusxalari Yagona bazada saqlanadi
Yagona bazaga kiritilgan maʼlumotlar tanishib chiqish uchun ochiq sanaladi.

2023-yil 1-apreldan boshlab mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalari majburiy tartibda Yagona bazada saqlanadi.
Unga ko‘ra, mualliflik huquqi obyektlarining yagona bazasini yuritish, texnik taʼminlash hamda mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini bazaga kiritish Intellektual mulk markazi tomonidan muvofiqlashtirilishi belgilab qo‘yildi.
Obyektning elektron nazorat nusxalari depozitariylar tomonidan joylashtiriladi.
Yagona maʼlumotlar bazasida quyidagilar saqlanishi maʼlum bo‘ldi:
– adabiy, drama va ssenariy asarlar;
– matnli yoki matnsiz musiqiy asarlar;
– xoreografiya asarlari va pantomimalar;
– audiovizual va fotografiya asarlar;
– rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn ishi va boshqa tasviriy sanʼat asarlari;
– barcha turdagi elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar.
Mualliflik huquqi obyektining elektron nazorat nusxalari Yagona bazada muddatsiz saqlanadi.







