Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi
Shundan so‘ng Prezidentning viloyatga tashrifi yakunlandi.

Bugun, 24-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Yaqin oylarda Samarqandda bir nechta xalqaro darajadagi tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda ushbu anjumanlarga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Samarqand shahrida XIX asr oxiri - XX asr boshlariga oid obidalar ko‘p. Alisher Navoiy hamda Shohruh ko‘chalaridagi shunday tarixiy binolarda millatlararo do‘stlik va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikka bag‘ishlangan muzeylar tashkil etish rejalashtirilgan.
Prezident bu rejalarni ma’qullab, muzeylarni mazmunan boyitish, hamkor mamlakatlar bilan yaqin munosabatlarni namoyon etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Kecha, 23 avgust kuni Samarqand tumanida “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi ochilgan edi. Bu majmua yirik xalqaro anjumanlarga mezbonlik qiladi. Davlat rahbari bu yerdagi Kongress xoll va mehmonxonalarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Mehmonxonalarning ikkitasi 5 yulduzli va oltitasi 4 yulduzlidir. Kongress xollning umumiy maydoni qariyb 6 ming kvadrat metr. U 3 ming 500 kishini qabul qilish quvvatiga ega. Anjumanlar vaqtida ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun situasion markaz ham tashkil etilgan.
Prezident bu yerda xorijiy delegasiyalar, ikki tomonlama uchrashuvlar uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shu bilan davlat rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi, Prezident Toshkentga qaytib keldi.








