“Elektron hukumat” tizimi maʼlumotlarini saqlash va qayta ishlash yagona markazi ochildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent viloyati va poytaxtimizdagi ana shunday majmualarni ko‘zdan kechirdi.

Shavkat Mirziyoyev “Raqamli O‘zbekiston - 2030” strategiyasi doirasida O‘zbekistonda birinchi katta hajmdagi maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazini borib ko‘rdi.
Markazda Xitoyning Huawei kompaniyasi bilan hamkorlikda 20 petabayt xotiraga ega tizim tashkil etilgan. 580 ta server, umumiy elektr quvvati 5 megavattli dizel generatorlar tizimning uzluksiz ishlashiga zamin yaratadi.
Mazkur markaz ishga tushishi natijasida davlat idoralarining maʼlumotlarni saqlash va texnik qo‘llab-quvvatlashga sarflaydigan milliardlab harajatlari tejaladi, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanadi. Eng asosiysi, kiberhujumlardan ishonchli himoya taʼminlanadi.
"Bu markaz raqamlashtirishning “yuragi”, “Elektron hukumat”ning zamini", - dedi Prezident.







