Quyi Chichiqda o‘ldirilgan ayol voqeasida IIB xodimi ham aybdormi?
Qotillikka profilaktika inspektorining beparvoligi sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida eri tomonidan o‘ldirilgan ayol ishida IIB inspektorining ham aybi borligi haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur xabar yuzasidan IIBB axborot xizmati rasmiy izoh berdi.
24-avgust kuni soat 19:00 da ayol IIBga murojaat qilib, “erkak SMS xabarlarni ko‘rish maqsadida ayol bilan janjallashib, telefonini tortib olgani” haqida ma’lum qilgan. Murojaat asosida profilaktika inspektori kelib, ayol (marhum)ning otasi huzurida ariza qabul qilib olgan.
“Bu jarayonda yuqorida tilga olingan jinoyat erta tongda sodir etilgan. Hodisaga qarshi ehtiyot chorasi sifatida gumonlanuvchi qo‘lga olindi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Ijtimoiy tarmoq faollaridan vaziyatda kimnidir ayblashga shoshilmasliklarini so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, tekshiruv xulosalariga ko‘ra, voqea sodir bo‘lishiga sababchi bo‘lgan har bir shaxsning (jumladan, milisiya xodimlarining) qilmishiga qonuniy baho berilib, aybdorlik darajasiga qarab chora ko‘riladi.








