Toshkentda avtomashinasini qarama-qarshi yo‘nalishda boshqargan haydovchiga chora ko‘rildi
Unga 3 ta modda bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Ijtimoiy tarmoqda Lacetti rusumli transport vositasi yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib harakatlanganligi aks etgan video tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan shahar IIBB YHXB rasmiy ma’lumot e’lon qildi.
Aniqlanishicha, 24-avgust kuni soat 22:20 atrofida 1986 yilda tug‘ilgan J. M. Lacetti rusumli transport vositasini tegishli hujjatlarsiz, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan holda boshqarib, Chilonzor tumani Bunyodkor shoh ko‘chasida yo‘lning qarama-qarshi tomonida harakatlangan.
Huquqbuzarlik sodir etgan J. M.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128 prim 5-moddasi 2-qismi, 135-modda, 194-modda bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudiga taqdim etilgan.








