Jahon

Braziliya o‘rmonlarida 26 yil yolg‘iz yashagan erkak vafot etdi

U o‘zi mansub bo‘lgan qabilaning so‘nggi vakili edi.

Braziliya o‘rmonlarida 26 yil yolg‘iz yashagan erkak vafot etdi

 

Braziliya junglilarida mahalliy qabilalardan birining so‘nggi vakili vafot etdi. U so‘nggi 26 yil to‘liq izolyatsiyada yashagan.

 

Uning jasadi 23 avgust kuni o‘z kulbasi yaqinida hindular milliy fondi xodimlari tomonidan aniqlangan. Ushbu fond uzoq yillar erkakning hayotini kuzatib kelgan.

 

Marhumning yoshi taxminan 60 atrofida bo‘lgan, o‘limga tabiiy omillar sabab bo‘lgani aytilmoqda.

 

U mansub qabila 70 yillardan buyon plantatorlar tomonidan quvg‘inga uchragan. Braziliya qonunchiligiga ko‘ra, mahalliy hindular yashaydigan hududlar daxlsiz hisoblanadi. Yer egalari va noqonuniy oltin izlovchilar ularning butunlay yo‘q bo‘lib ketishidan manfaatdor — shundan keyin ular hindular yerlarida ish olib borish imkoniga ega bo‘ladi.

 

Erkak mansub bo‘lgan qabila 4 ming gektar yerga egalik qilgan va xususiy fermalar qurshovida qolib ketgan. 1996 yilda hujum oqibatida qabilaning olti nafar aʼzosi o‘ldiriladi va erkak butunlay yolg‘iz qoladi. Shundan keyin xavfsizlik nuqtayi nazaridan uning ortidan maxfiy kuzatuv o‘rnatiladi.

 

Marhum OAVda "Chuqurdagi odam" nomi bilan mashhur bo‘lgan, chunki u doimiy ravishda yer kavlagan. Undan ov qilish maqsadida foydalangan. Ovchilikdan tashqari, termachilik, qisman ziroatchilik bilan shug‘ullangan. Baʼzida o‘ziga somondan kulba qurgan.

 

Erkak haqida huquq himoyachisi tashkilotlari hamkorligida bir necha hujjatli film olingan.

 

Marhum mansub bo‘lgan qabila va ular so‘zlashgan til nomaʼlumligicha qoldi. Qabila tashqi dunyo bilan umuman aloqa qilmagan. Bu ular uchun xavfli bo‘lishi bo‘lgan, chunki ko‘plab kasalliklarga qarshi immunitet yo‘qligi ularning qirilib ketishiga olib kelishi mumkin edi. Olimlar bu kabi guruhlarni odatda masofadan kuzatib borishadi.

 

Braziliya o‘rmonlarida 240 qabila istiqomat qiladi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"