Toshkentning bir qator ko‘chalarida “svet” o‘chib qoldi
Bunga “Hosilot” podstansiyasidagi nosozlik sabab bo‘lgan.

Bugun, 30-avgust kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi podstansiyada nosozlik yuzaga keldi. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yashnobod tumanidagi “Hosilot” podstansiyasida (ushbu podstansiya Mirobod tumanining ayrim hududlarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi) nosozlik kuzatilgan.
Buning oqibatida Mirobod tumanining “Fitrat”, “Yangi zamon”, “Inoqobod”, “Fayzabod”, “Eski otchopar” va “Oqbilol” ko‘chalarida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.
Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev nosozlik bartaraf etilayotgan joyga yetib bordi. Hozirda avariyaga qarshi maxsus brigada tomonidan ushbu nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
“Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz. Ta’mirlash ishlari qisqa vaqt ichida yakunlanadi va elektr energiyasi ta’minoti tiklanadi”, — deyiladi xabarda.








