Gorbachyov o‘limiga dunyo yetakchilari qanday munosabat bildirdi?
Sobiq Ittifoqning so‘nggi rahbari 92 yoshida vafot etdi.

SSSRning sobiq prezidenti Mixail Gorbachyov 92 yoshida vafot etdi. Moskva markaziy klinik shifoxonasi maʼlumotiga ko‘ra, u uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan aziyat chekkan.
Rossiya OAVlari siyosatchining pandemiya boshidan buyon ushbu shifoxona vrachlari nazoratida bo‘lganini yozgan. Umrining so‘nggi yilini ham u kasalxonada o‘tkazdi.
Mixail Sergeyevich Gorbachev KPSSning so‘nggi bosh kotibi, shuningdek, Sobiq Ittifoqning birinchi va oxirgi prezidenti edi.
Bundan tashqari, u Nobel mukofoti sovrindori, Rossiya va dunyo tarixi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazadigan “Gorbachyov-fond” asoschisi edi.
Fond bergan maʼlumotlarga ko‘ra, sobiq prezident Moskvadagi Novodevichye qabristonida dafn etiladi. uning qachon bo‘lishi hozircha nomaʼlum.
Dunyo yetakchilari munosabati qanday bo‘ldi?
“1990 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritib, u tinchlikning turfaxilliklarning yig‘indisi ekanini aytgandi. U muzokaralar, shaffoflik va qurolsizlantirish yo‘lidan borib ushbu muhim tushunchani amaliyotga joriy etdi”, – degan BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Gorbachyov tarixni o‘zgartira olgan shaxs hisoblanadi.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin Gorbachyov o‘limidan qayg‘uda ekanini, uning yaqinlariga telegramma yuborishini aytgan.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson marhumning jasoratidan doimo hayratga tushganini taʼkidlagan.
Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyaynen Gorbayovni “hurmatga sazovor va ishonchli yetakchi” deb atab, “sovuq urush” yakunlanishi bilan bog‘liq xizmatlarini alohida qayd etgan.
“Uning xizmatlarini hech qachon unutmaymiz”, – degan YеK raisi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Gorbachyovni tarixni o‘zgartirgan shaxs sifatida baholagan.
Nemis siyosatchilari Sobiq Ittifoqning so‘nggi rahbarining Berlin devori qulashiga qo‘shgan hissasini alohida taʼkidlagan. Bundestag vitse-prezidenti Katrin Gyoring-Ekkard Gorbachyovning Sharqiy Yevropa, jumladan, Germaniyada tinch siyosiy inqiloblar sodir bo‘lishidagi o‘rnini qayd etgan.
Avstriya kansleri Karl Nexammer uning Sharq va G‘arbni yaqinlashishiga katta hissa qo‘shgan deb hisoblaydi.







