Koronovirus og‘ir kechadigan bemorlarni oldindan aniqlash yo‘li topildi
Rossiyalik olimlar bu bo‘yicha izlanish olib bordi.

Olimlar koronavirus qanday bemorlarda og‘ir kechishini oldindan aniqlash yo‘lini topdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Koronavirusning ilk belgilari paydo bo‘lgan davrdayoq kasallik bemorda kelgusida qanday kechishi va qanday oqibatlarni yuzaga keltirishini oldindan aytish imkonsiz. Rossiyalik olimlar ayni shu masalada izlanishlar olib borib, yakunda kutilgan ijobiy natijaga erishganini ma’lum qildi.
Yangi diagnostika usuli COVID-19ga chalingan bemorlar organizmida kasallikning og‘ir shakli rivojlanishidan ogohlantiruvchi jarayonni aniqlash imkonini beradi.
Ya’ni ana shu xavf mavjud bo‘lsa, bemorlar qon plazmasi tarkibida xolesterin miqdori deyarli yarmiga kamayishi kuzatiladi. Ko‘rsatkich qancha pasaygani sari xastalik shu qadar og‘ir shaklga o‘tishi mumkinligi ayon bo‘ladi.
“Xolesterin miqdorining keskin kamayishi kasallik kuchayib ketishiga doir yomon prognozdir, — deb tushuntiradi mutaxassislar. — Masalan, shunday holat koronavirusga chalingan bemorda qayd etilsa, u tez orada reanimasion yordamga muhtoj bo‘lishi mumkin”.
Olimlar izohiga ko‘ra, xolesterin miqdori kamayishining bir necha sabablari bor. Jumladan, bu holat xolesterin metabolizmi va hujayra reseptorlari faolligi oshishi uchun mas’ul bo‘lgan genlarning noto‘g‘ri ishlashi tufayli yuzaga kelishi mumkin.








