Buxoroda ko‘chadagi bankomatlar yonib ketdi
Hodisa joyiga ikkita qutqaruv ekipaji yuborilgan.

Bugun, 4-sentabr kuni Buxoro shahrida “Tenge bank” ATBga tegishli bankomatlarda yong‘in chiqdi. Holat yuzasidan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rasmiy ma’lumot e’lon qildi.
Qayd etilishicha, soat 20:14 da Buxoro shahrining “Do‘stlik” MFY Alpomish ko‘chasi yo‘l yoqasida joylashgan “Tenge bank” ATB Buxoro BXMga tegishli bankomatlarda yong‘in chiqqanligi to‘g‘risida FVB navbatchilik dispetcheriga xabar kelib tushgan.
Yong‘in oqibatida qurilmaning 24 kvadrat metr maydonda tom va devor plastik qoplamalari yongan. Hodisa joyiga 2 ta qutqaruv avtoyekipajlari jalb etilib, soat 20:28 da yong‘in to‘liq o‘chirilgan. Yong‘indan bankomatlar qurilmasining 20 kvadrat metr maydoni va 4 dona bankomatlar to‘liq saqlab qolingan. Fuqarolarning kuyish va tan jarohati olish holatlari qayd etilmagan.
Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inning kelib chiqishiga elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab boʻlgan. Hozirda moddiy zarari aniqlanmoqda.








