Boris Jonson so‘nggi bor Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qildi
U ertaga Bosh vazir lavozimidan iste’foga chiqadi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson lavozimidan ketishidan oldin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda “Interfaks” nashri yozmoqda.
“Bosh vazir bugun tushdan keyin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan suhbatlashdi... Bosh vazir Buyuk Britaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini qo‘shimcha qildi”, — deyiladi xabarda.
Zelenskiy, o‘z navbatida, Jonsonga Ukraina va uning xalqiga bo‘lgan hurmati uchun minnatdorchilik bildirgan.
Bugun ertalab Liz Trass Konservativlar partiyasi yetakchisi etib saylangan edi. Trass Jonson bilan birga 6-sentabr kuni qirolicha Yelizaveta II bilan uchrashish uchun ingliz qirollarining Shotlandiya qarorgohiga boradi. U yerda Jonson rasman iste’foga chiqadi va qirolicha Trassni Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri etib tayinlaydi.








