Namanganda Damasni quvib o‘tmoqchi bo‘lgan Cobalt YTHga uchradi
Hodisa oqibatida bir kishi jarohatlangan.

Namangan viloyatining Pop tumanida ikkita avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Holat yuzasidan viloyat IIB YHXB ma’lumot berdi.
Hodisa 4R-112 “Farg‘ona halka yo‘li”ning 24-kilometrida “Pungon-Namangan” yo‘nalishida yuz bergan. Cobalt haydovchisi o‘ng tomondan quvib o‘tish koidasini buzib, oldinda harakatlanib ketayotgan Damas rusumli transport vositasining o‘ng yon tomoniga urilgan.
YTH oqibatida har ikkala avtomashina texnik shikastlangan. Tan jarohati olgan bir nafar yo‘lovchiga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga ruxsat berilgan.
Hozirda holat yuzasidan Pop tumani IIB YHXG tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.








