Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlarning soliq stavkalari kamaytiriladi
Bu bo‘yicha Prezident farmoni e’lon qilindi.

Qoraqalpog‘istonda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun 5 yil muddatga soliq stavkalari kamaytiriladi. Bu bo‘yicha Prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida joylashgan va shu hududda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’yektlari uchun 2023-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda:
—foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha soliq stavkalari 50 foizga kamaytirilgan holda;
—ijtimoiy soliq kamaytirilib, 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasida;
—yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanayotgan ijtimoiy soliq shaharlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 12 baravarga, tumanlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 6 baravarga kamaytirilib, yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilanadi.
Bunda yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasalar, byudjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslarga mazkur bandda belgilanayotgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.








