Toshkentning ayrim ko‘chalari 14 soatga yopiladi
Shahar hokimligi cheklov sababini ma’lum qildi.

Ertaga, 8-sentabr kuni Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida avtomobillar harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, soat 19:30 da Alisher Navoiy nomli davlat akademik katta teatrida 93-mavsumning ochilishi munosabati bilan ochiq osmon ostida “Kuz zari og‘ushida Katta Musiqa” konserti bo‘lib o‘tadi.
Shu munosabat bilan 8-sentabr kuni soat 10:00 dan 00:00gacha shahrimizdagi bir necha ko‘chalar vaqtincha yopiladi:
— Buyuk Turon ko‘chasi Islom Karimov ko‘chasi bilan kesishmasidan Matbuotchilar ko‘chasigacha bo‘lgan oraliqda;
— Buxoro ko‘chasi Buyuk Turon ko‘chasi bilan kesishmasidan Zarafshon ko‘chasigacha bo‘lgan oraliqda.
“Haydovchilardan aylanma yo‘llardan foydalanishlarini va noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.








