Sirdaryoda institut diplomini sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Boyovut tumanida institut diplomini olib berishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Qayd etilishicha, Departamentning Boyovut tuman bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqarolar T.N. va D.N. boshqa bir fuqaro H.ga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari yordamida Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutining Qarshi filialini tugatganligi to‘g‘risida diplom olib berishi evaziga 3000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.








