Bayden 11 sentyabr teraktlaridan so‘ng joriy qilingan favqulodda holatni yana bir yilga uzaytirdi
Prezident AQSH Kongressiga bu bo‘yicha maʼlumot yuborgan.

AQSH prezidenti Jozef Bayden 2001 yil 11 sentyabr teraktlaridan keyin joriy etilgan favqulodda holatni yana bir yilga uzaytirdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentning Kongressga yuborgan axborotida terrorizm tahdidi saqlanib qolayotganini, shu sababli 2001 yil 14 sentyabrda eʼlon qilingan favqulodda holat rejimi yana bir yilga uzaytirilishi maʼlum qilingan. Bu vaziyatda davlat rahbariga qo‘shimcha vakolatlar beriladi.
Favqulodda holat 11 sentyabr voqealaridan keyin uch kun o‘tib joriy qilingan. teraktlar oqibatida 3 ming kishi halok bo‘lgan. AQSHning o‘sha paytdagi prezidenti Jorj Bush bu tartibni joriy etilishini “Qo‘shma Shtatlarga yangi hujumlarning bevosita tahdidi saqlanib qolayotgan”i bilan izohlagan.
Avvalroq Kongress Baydenning iqtisodiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagandi.







