Toshkentdagi xonadonda yong‘in chiqdi
FVB hodisa oqibatlarini ma’lum qildi.

Bugun, 9-sentabr kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi xonadonlardan birida yong‘in chiqdi. Holat yuzasidan shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, soat 16:51 larda Uchtepa tumani “O‘rikzor” MFYda joylashgan xonadonlarning birida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan. Shunga koʻra, voqea joyiga 4 ta yong‘in–qutqaruv texnikalari soаt 17:01 da yetib borgan va soat 17:25 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.
Hodisa oqibatida kuygan yoki tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q. Uyning 120 kvadrat metr maydonda ichki va tom qismi yonib zararlangan. Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida binoning 300 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.








