Farg‘onada uy sharoitida ukol olgan qiz vafot etdi
Holat yuzasidan sobiq hamshira sud qilingan.

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida sobiq hamshira uy sharoitida ukol qilishi oqibatida qizaloq vafot etdi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, ayblanuvchi 1988-2000 yillarda tuman tibbiyot birlashmasida hamshira bo‘lib ishlagan. Keyinchalik sog‘ligi yomonlashgach, ishlamay qo‘ygan va qishloqdoshlarining iltimosi bilan uy sharoitida buyurilgan ukollarni qilib kelgan.
Ovsinining kelini ham qizi betob ekani, shifokor yozib bergan ukollarni qilib berishini iltimos qilgach, qarindoshiga yo‘q, deyolmagan hamshira shifokor tavsiya qilgan “Seftoks” nomli kukunni 10 gramm “Novokain” bilan eritgan va eritmaning 0,1 gramini bemorning chap quymuch qismiga sinama tarzda yuborgan.
Oradan 3-4 daqiqa o‘tgach, qiz qorni og‘riyotganini aytib, qayt qilib yuborgan va sal o‘tmay hushini yo‘qotgan. Qizni Buvayda tuman Tez tibbiy yordam bo‘limi 9-sonli shoxobchasiga olib borilayotgan vaqtda vafot etgan.
Shuningdek, Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, qizaloqqa “Seftoks-Navakain” eritmasi yuborilganda nojo‘ya ta’sir qilishi oqibatida allergik reaksiyani yuzaga keltirgan va nafas yo‘llari berkilib qolgan. Uy sharoitida mazkur holatni oldini olishda foydalaniladigan dori vositalari yo‘qligi sabab o‘lim holati qayd etilgan.
Holat yuzasidan yuritilgan ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida ko‘rib chiqilib, sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 102-moddasi (Ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) 1-qismi bilan malakalanib, uning ayol kishi ekani, muqaddam sudlanmagani, jabrlanuvchining qonuniy vakilini unga nisbatan da’vosi yo‘qligini yengillashtiruvchi holat sifatida inobatga olib, modda sanksiyasida nazarda tutilgan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.








