Hindiston Bosh vaziri SHHT sammitida ishtirok etadi
Tashrif doirasida, shuningdek, ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi 15-16-sentabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan SHHTga a’zo davlatlar Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda Hindiston bosh vazirining rasmiy idorasi xabar berdi.
Sammit davomida yetakchilar tashkilotning so‘nggi yigirma yillik faoliyatini tahlil qilishi hamda ko‘p tomonlama hamkorlik holati va kelgusi istiqbollarini muhokama qilishi kutilmoqda. Sammitda, shuningdek, mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalar ham muhokama etiladi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Narendra Modi sammit doirasida bir nechta ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.








