CNN: AQSH Yevroittifoqning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarishidan xavotirda
Bunga gaz tanqisligi sabab bo‘lishi mumkin.

AQSH prezidenti administratsiyasi gaz tanqisligi ortidan YEIning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini o‘zgartirishidan xavotirda. Bu haqda CNN telekanali xabar berdi.
Telekanal bilan suhbatlashgan Oq uydagi manbalar kelayotgan qishda isitish va korxonalar faoliyati uchun gaz yetishmovchiligi ommaviy norozilikka olib kelishidan xavotir bildirgan. Buning ortidan Yevropa davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar siyosatidan voz kechishi mumkin.
Ushbu vaziyat fonida Vashington Yevroittifoqni energetika bilan taʼminlovchi muqobil manbalarni qidirmoqda. Bundan tashqari, ittifoq davlatlari bilan qalin diplomatik muloqot saqlanib qolgan.
CNN‘ning qayd etishicha, hozircha parchalanishning oldi olingan, ammo havo sovushi bilan vaziyat keskin o‘zgarishi mumkin. Bunda hal qiluvchi omil ob-havo bo‘ladi — telekanal qish mavsumi nisbatan iliq o‘tgan taqdirda Yevropa mavjud resurslar bilan inqirozdan chiqib ketishini taʼkidlagan.
Avvalroq Yevropa davlatlari gaz isteʼmolini kamaytirishga kelishib olgandi.







