Sanksiyalar muammoning yechimi emas — To‘qayev
Qozog‘iston prezidenti yirik davlatlar o‘rtasida raqobat kuchayganini maʼlum qildi.

Sanksiyalar va tahdidlar global muammolarning hal etilishiga olib kelmaydi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev maʼlum qildi.
U yirik davlatlar o‘rtasida geosiyosiy qarama-qarshilik kuchayganini qayd etgan. Shu bilan birga, Qozog‘iston rahbari xalqaro munosabatlarning avvalgi tizimi yemirilayotganini taʼkidlagan.
“Qozog‘iston doimo kelishmovchiliklarni BMT ustavi ruhida muzokaralar stolida hal qilish tarafdori bo‘lib kelgan. Sanksiyalar, cheklovlar bilan tahdid qilish va kuch ishlatish muammoning hal etilishiga olib kelmaydi. Bunday paytlarda gumanitar g‘oyalarga qaytish zarur”, – degan To‘qayev.







