Shvetsiya bosh vaziri iste’foga chiqdi
Uning partiyasi saylovlarda yutqazgan.

Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson uning so‘l partiyalar bloki saylovlarda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kirita olmagani uchun iste’foga chiqdi, deb xabar bermoqda Shvetsiya matbuoti.
Andersson parlament spikeri Andreas Norlen bilan uchrashdi va uni o'z qaroridan xabardor qildi.
Shu bilan birga, Andersson yangi hukumat tuzilmaguncha bosh vazir vazifasini bajarishda davom etadi.
Avvalroq Shvetsiyadagi saylov natijalariga ko‘ra, o‘ng qanot partiyalar bloki parlamentda 176, Andersson boshchiligidagi so‘l partiyalar bloki esa 173 o‘ringa ega bo‘lgani xabar qilingandi.
Andersson 2021-yildan beri Shvetsiya Bosh vaziri lavozimida ishlab kelmoqda. U mamlakatdagi birinchi ayol hukumat rahbari hisoblanadi.
Bu yilgi saylovlar Shvetsiyaning NATOga aʼzo boʻlish qarori fonida boʻlib oʻtdi. 18-may kuni Shvetsiya, shuningdek, Finlandiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi, 5-iyul kuni esa alyansning Bryusseldagi shtab-kvartirasida ularning blokka qo‘shilishi to‘g‘risidagi protokollar imzolandi.







