Toshkentda IIO xodimlari ayol kishini uyidan majburlab olib ketishdi
Holatga shahar IIBB rasmiy izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda IIO xodimlari va fuqarolar o‘rtasidagi mojaro aks etgan video tarqalmoqda. Mazkur holat yuzasidan shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 10-avgust kuni N.B. va Z.A. Shayxontohur tumani Jangoh mavzesida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, o‘zaro janjallashib, jamoat tartibini buzishgan.
Holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida fuqaro N.B. chaqirilgan vaqtda ichki ishlar organlari xodimining IIBga ko‘rsatilgan muddatda kelish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini bajarmagan. Holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasi bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan va ko‘rib chiqishlik uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga taqdim etilgan.
Fuqaro N.B. bir necha marotaba sud tomonidan chaqirtirilgan bo‘lishiga qaramasdan sababsiz sud majlisiga kelmaganligi sababli uni majburiy keltirish qarori chiqarilgan.Joriy yilning 9-sentabr kuni fuqaro N.B. IIO xodimlari tomonidan majburiy tartibda sudga olib ketilayotganligi holati videoda aks etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi tomonidan fuqarolar N.B. va Z.A.larga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Xodimlarning harakati yuzasidan prokuratura tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.








