Japarov: Muammoni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdorimiz
Qirg‘iziston rahbari Tojikiston bilan chegaradagi vaziyat ortidan xalqqa murojaat qildi.

Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegara masalasini tinch yo‘l bilan hal qilmoqchi. Bu haqda mamlakat prezidenti Sadir Japarov xalqqa murojaati paytida maʼlum qildi.
“Davlat chegaralari bilan bog‘liq bahsli masalalar asta-sekin hal etilmoqda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi bilan chegara uchastkalari bo‘yicha kelishuvga erishilgan va ularni rasman hujjatlashtirish qolgan. Faqatgina Tojikiston bilan chegaradosh hududlar aniqlashtirilmagan va muammo keltirib chiqarmoqda. Biz qirg‘iz-tojik chegarasidagi bahsli masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdorimiz”, – degan u.
Prezident muammoning hal etilmasligi fojiali oqibatlarni keltirib chiqarishini aytgan. Bundan tashqari, Japarov Tojikiston bilan to‘qnashuvda aziyat chekkanlarga yordam ko‘rsatish hamda davlat himoyasi uchun barcha vositalar mavjud ekanini taʼkidlagan.
Avvalroq qirg‘iz va tojik chegarasida halok bo‘lganlar soni maʼlum bo‘lgandi.







