AQSH Ukrainaga qachon samolyot yetkazib beradi?
Harbiy-havo kuchlari generali bu bo‘yicha maʼlumot berdi.

Ukraina F-16 qiruvchi-bombardimonchi samolyotlarini 2-3 yildan so‘ng olishi mumkin. Bu haqda AQSH harbiy-havo kuchlarining Yevropa va Afrika bo‘yicha qo‘mondoni Jeyms Xeker maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatishning uzoq muddatli istiqbollari haqida o‘ylamoqda. Generalning fikricha, Ukrainadagi harbiy harakatlar katta ehtimol bilan bir necha yil davom etadi.
Xeker samolyotlar yetkazib berilishi uchuvchilar tayyorgarligi va logistika bilan bog‘liq muammolar tufayli cho‘zilishi mumkin. Shu bilan birga u Vashington Kiyevga ayrim razvedka maʼlumotlarini taqdim etayotganini tan olgan.
“Biz ayrim turdagi harbiy obyektlar joylashuvi haqida maʼlumot beramiz, unga zarba berish yoki bermaslik Ukraina ixtiyorida”, – degan qo‘mondon.
Xeker Ukraina o‘z harbiy-havo kuchlarining 80 foizini saqlab qolganini qayd etgan.
Avvalroq Kiyevga tanklarga qarshi ishlab chiqilgan samolyot berilishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgandi.







