4 ta tumanda bosh imom ishdan bo‘shatildi
Musulmonlar idorasi buning sababini ochiqladi.

Bugun, 21-sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari raisligida respublikadagi tuman-shahar bosh imom-xatiblarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Juda keskin va tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida masjidlar imom-xatiblari, imom-noiblari va otinoyilar tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilingan.
Yig‘ilishda o‘z vazifasiga vijdonan yondashmagan, mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini qondirishda jiddiy sa’y-harakat qilmagan va imomlik maqomiga munosib bo‘lmagan 4 nafar tuman bosh imomi ishdan olingan va 1 nafariga “hayfsan” intizomiy jazosi berilgan.
Jumladan:
—Surxondaryo viloyati Termiz tumani bosh imomi Ochilov Yahyo;
—Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani bosh imomi Mamatqulov Mamayusuf;
—Andijon viloyati Shahrixon tumani bosh imomi Turg‘unov Izzatulloh;
—Toshkent shahar Sergeli tumani bosh imomi Axbutayev Eshmurod egallab turgan ushbu lavozimlaridan ozod etilgan.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati So‘x tumani bosh imomi Kamolov Vohidjonga intizomiy chora ko‘rilgan.
Shuningdek, yig‘ilishda joriy yilning 8 oyi davomida ish faoliyatdagi xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli 15 nafar imom-xatib, 6 nafar imom-noibi va 2 nafar viloyat muhtasib vazifasidan ozod etilgani, shuningdek, 19 nafar imom-xatib va imom noibiga “hayfsan” intizomiy chorasi berilgani aloihda ta’kidlangan. Yig‘ilish yakunida tegishli qarorlar qabul qilingan.








