Rossiya Ukraina asirga olingan 10 nafar xorijlikni ozod qildi
Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi bu masalada vositachi rolini o‘ynagan.

Rossiya Saudiya Arabistoni valiaxd shahzodasi Muhammad bin Salmon vositachiligida Ukrainada qo‘lga olingan 10 nafar xorijlikni ozod qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Ular orasida AQSH, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Xorvatiya va Marokash fuqarolari bor. Ozod etilganlar maxsus samolyot orqali Saudiyaga kelgan.
Muhammad bin Salmon asirlar masalasida Moskva va Kiyev bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqada bo‘lgan. Olib borilgan muzokaralar natijasida besh nafar britaniyalik, bir nafar marokashlik, bir nafar shvesiyalik, bir nafar xorvat va ikki nafar amerikalik ozod qilingan.
Bundan tashqari, hozirda 50 nafar ukrainalik va 200 nafar rossiyalik asirlarni o‘zaro almashish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani aytilgan. Ular orasida Rossiyaga yaqin siyosatchi Viktor Medvedchuk ham bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Rossiya-Ukraina mojarosi global nizoga aylanib ketishi mumkinligidan ogohlantirgandi.








