Turkiyada yana o‘rmonlar yonmoqda
Hozirda Marmaris kurorti xavf ostida.

Turkiyaning Egey dengizi sohilidagi Marmaris kurort shahri yaqinida kuchli o‘rmon yong‘ini boshlandi, deya xabar bermoqda “Associated Press” nashri.
Yong‘in ko‘rfazni o‘rab turgan tepaliklar ortida boshlangan va kuchli shamol alanganing tez tarqalishiga sabab bo‘lgan.
Yong‘inni o‘chirishga 500 kishi, 40 ta o‘t o‘chirish mashinasi, 15 ta vertolyot va 8 ta samolyot jalb qilingan. Qurbonlar va jarohat olganlar haqida rasmiy ma’lumotlar yo‘q.
Avvalroq Turkiyaning O‘rtayer dengizi va Egey dengizi sohillarida, jumladan, Marmarisda sodir bo‘lgan o‘rmon yong‘inlari kamida sakkiz kishining hayotiga zomin bo‘lgandi. Keyin hukumat bunday favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rmagani, jumladan, zamonaviy o‘t o‘chirish samolyotlari yetishmasligi uchun tanqid qilingan.








